Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Alen Simonyan mamlakatga kirib kelayotgan rossiyaliklardan kelish sabablarini so‘rashmoqchi emasliklarini ma’lum qildi.
Armaniston Rossiyada safarbarlikning yangi to‘lqini e’lon qilingan taqdirda mamlakatni tark etishga qaror qilgan rossiyaliklarning kirib kelishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bu haqda Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Alen Simonyan «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Simonyan yangi safarbarlik e’lon qilinishi ehtimoli yuzaga kelganda Armaniston Rossiyadan keladigan muhojirlar oqimidan xavotirdamisiz, degan savolga javoban:
«Chegarada hech kim hech kimdan bu yerga nima sababdan kelganini so‘ramaydi. Rossiyadan odamlar, bilasiz, xorijga chiqish pasportisiz ham kelishlari mumkin. Rossiyalik insonga aytadigan yagona gapim: “Armanistonga xush kelibsiz”», — dedi.
U Armaniston rossiyaliklarning mamlakatga kirishiga hech qanday to‘siq yaratmoqchi emasligini ta’kidladi.
Bu bayonot Rossiyada Davlat dumasi saylovlaridan so‘ng safarbarlikning yangi to‘lqini bo‘lishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lgan bir paytda yangradi. Davlat dumasi saylovlari 18–20 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu sababli Rossiya fuqarolari mamlakatdan chiqib ketish imkoniyatlari bilan ko‘proq qiziqish bildirishni boshlagani xabar qilinmoqda.
Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari yangi safarbarlik o‘tkazish bo‘yicha rejalar mavjudligini rad etmoqda.