Toshkentda xotinini kaltaklab kelishda gumonlanayotgan sport ustasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmatiga tayanib “Nemolchi.uz” loyihasi xabar berdi.
Jabrlanuvchi ayolning so‘zlariga ko‘ra, eri yunon-rum kurashi bo‘yicha murabbiy va sport ustasi bo‘lib, uni muttasil kaltaklab kelgan. Bundan tashqari, erkak oilani moddiy ta’minlamagani sababli ayol ikki nafar kichik yoshli farzandi, shu jumladan, bir yoshli bolasi bilan yashash uchun doimiy ravishda kredit olishga majbur bo‘lgan.
Instagram’dagi post ostidagi izohlarda murabbiyning do‘stlari, aka-uka va opalari u bunday odam emasligini yozishgan.
“Ular loyihamizni tuhmatda ayblab, jabrlanuvchiga mag‘zava ag‘darishdi va o‘z do‘stlarini har qanday yo‘l bilan oqlashga urinishdi. Jabrlanuvchining ta’kidlashicha, unga tajovuzkorning do‘stlari qo‘ng‘iroq qilib, arizasini qaytarib olishi uchun bosim o‘tkazishmoqda”, deyiladi “Nemolchi.uz” xabarida.
Qayd etilishicha, ayni paytda jabrlanuvchi ayolga himoya orderi berilgan bo‘lib, sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazildi.
Gumonlanayotgan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 3-qismi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Kiritildi: Bugun 14:03.
O'qildi: 854 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.