Ukrainada yangi o‘quv yilida minglab bolalar xavfsizlik uchun yerostida dars boshladi. Xarkiv shahrida Rossiya hujumlari sabab yerostida 7 ta maktab ish boshladi va ularda 17 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Reuters agentligining xabar berishicha, bu tajriba shaharning eng ko‘p zarar ko‘rgan tumanlarida amalga oshirilmoqda.
Shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda yerostidagi maktablar soni yana oshishi kutilmoqda. Xarkov meri Igor Terexovning aytishicha, yaqin vaqtda yana 3 ta maktab ishga tushiriladi va shahar metrosidagi 6 ta bekat sinfxonalarga aylantirilgan.
Nova Saltivka tumanida ikki maktab faoliyat boshlab, ularda 1,5 mingga yaqin bola tahsil olmoqda. Xavfsizlik choralari sabab, ota-onalar bu muassasalarga ishonch bildirishmoqda. Xarkivlik ota-onalardan biri Anastasiya Pochergina qizi birinchi sinfga borganini aytib, «Bu yer Xarkivdagi eng chuqur maktab, shu bois o‘zimni xavotirsiz his qilyapman. Biroq farzandimning odatiy maktabga borishini orzu qilaman», — dedi.
6 yoshli Mariya Yampolskaya esa birinchi sinfga chiqqach, «Men urush sabab bog‘chaga bora olmaganman», deya javob berdi. Urushdan jabr ko‘rgan bolalar uchun yangi o‘quv yili shu tarzda boshlandi.