Nashr bu haqda yuqori martabali ukrainalik amaldorga tayanib yozmoqda.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev siyosiy doiralarida "Oq uydagi muvaffaqiyatsizlik"dan so‘ng, Zelenskiyning qancha vaqt hokimiyatda qolishi muhokama qilinmoqda. Tramp ma’muriyati esa Ukrainaning yangi yetakchisi bilan ishlash istagini yashirmayapti.
"Agar Zelenskiy Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga qarshi chiqsa, Tramp ma’muriyati undan yuz o‘girishi mumkin. AQSh prezidenti allaqachon ukrainalik yetakchining qonuniyligiga shubha bilan qarab, uni “diktator” deb atadi, bu Kreml ilgari surayotgan qarashlarga mos keladi. Bundan tashqari, Tramp Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi. Trampning ayrim tarafdorlari Oval kabinetdagi janjaldan so‘ng Zelenskiyni iste’foga chiqishga da’vat qilishdi. Ukrainalik amaldorlar buni mamlakat uchun qiyin pallada ukrain jamiyatida parokandalikni keltirib chiqaruvchi, Moskva tomonidan ilhomlantirilgan beqarorlik kampaniyasi deb hisoblashmoqda", — deb yozadi FT.
Muxolifatdagi ukrainalik siyosatchilar Tramp bilan ziddiyatdan keyin Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishsa-da, aslida ular saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishmoqda, ittifoqlar tuzishmoqda va jamoatchilikka mo‘ljallangan bayonotlarni sinab ko‘rishmoqda. Shuningdek, Oq uy va respublikachilar bilan aloqalarni mustahkamlashmoqda.
Poroshenkoning “Evropa birdamligi” partiyasi a’zolari Zelenskiyni ichki va xalqaro munosabatlarda "xudbin, o‘zini yaxshi ko‘radigan va takabbur" deya tanqid qilishadi.
So‘rovnomalar saylovda Zalujniy Zelenskiy ustidan ishonchli g‘alaba qozonishini ko‘rsatmoqda, ammo u “Vashington izlayotgan murosa qilishga moyil prezident” bo‘lmasligi mumkin.