Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Ukraina va Rossiyada tungi dron hujumlari oqibatlari ma’lum bo‘ldi

Ukraina va Rossiyada tungi dron hujumlari oqibatlari ma’lum bo‘ldi

Rossiya 14 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina hududiga 96 ta zarbdor uchuvchisiz uchish apparati bilan hujum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, ularning 81 tasi urib tushirilgan yoki radioelektron vositalar yordamida zararsizlantirilgan.

Sakkizta hududda dronlar nishonlarga tekkani, yana ikkita joyda esa ularning parchalari qulagani qayd etilgan.

"Ozodlik radiosi"ning ta’kidlashicha, ushbu raqamlar noyabr oyining birinchi haftasiga nisbatan Rossiyaning Ukrainaga tungi havo hujumlari shiddati pasayganini ko‘rsatmoqda. O‘sha davrda Rossiya armiyasi bunday hujumlarda har kuni 100 tadan yoki 200 tadan ortiq drondan foydalangan.

14 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya hujumlarining nishonlaridan biri yana Ukraina energetika ob’ektlari bo‘ldi.

"Ukrenergo" kompaniyasi Sumi viloyatida elektr energiyasining keng ko‘lamli avariyaviy uzilishi haqida xabar berdi.

Gluxov shahrida Rossiya zarbasi oqibatida bir ayol va uning 9 yoshli nabirasi jarohatlandi.

Chernigov viloyatida ham energetika infratuzilmasi hujumga uchradi. Bu yerda bir erkak jarohat olgan.

14 noyabr kuni ertalab Kiyev viloyatida Rossiya dronlari hujumidan keyin omborxonalarda yong‘in chiqqanligi haqida xabarlar tarqaldi. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmadi.

Kiyev shahrining ikki joyida uchuvchisiz uchish apparatlari parchalari qulagan. Jabrlanganlar qayd etilmagan.

Shu bilan birga, Rossiya nashrlari Belgorod viloyatining Valuyki shahrida dronlar saqlanadigan omborga raketa zarbasi berilgani haqida xabar tarqatdi. Turar joy binolariga ham zarar yetgan.

Belgorod viloyatidagi Proletarskiy posyolkasida esa dronning xususiy uyga zarba berishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat ma’muriyatining tezkor shtabi ma’lum qildi.

Rossiya hududiga Ukraina tomonidan uyushtirilayotgan hujumlar shiddati ham pasaygani qayd etilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi 29 ta Ukraina droni urib tushirilganini ma’lum qildi. Bir kun avval Rossiya harbiylari bir kechaning o‘zida 1198 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilganini bildirgan edi.

7 noyabr kuni esa Rossiya Mudofaa vazirligi 411 ta dron tutib qolingani haqida xabar bergan.

Shuningdek, bu kecha Ukraina tomonidan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berilgani haqida xabarlar kelib tushmadi.

13 noyabr, juma kuni Ukraina dronlari Volgograddagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan edi.

11 noyabrda esa Omskdagi neftni qayta ishlash zavodi va Rossiya neft eksportini amalga oshiradigan Ust-Luga porti Ukraina dronlari hujumiga uchragani xabar qilingan.

Kiritildi: 14:13 14.11.2026. O'qildi: 458 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik