Bugun 11 avgust, 2026 yil, seshanba

КИР

Ukraina TIV YUNISEFdan Rossiyani ochiq qoralashni talab qildi

Ukraina TIV YUNISEFdan Rossiyani ochiq qoralashni talab qildi

Ukraina tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Andrey Sibiga BMTning Bolalar jamg‘armasi — YUNISEFning Rossiya va Ukrainadagi hujumlar oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan bolalar haqidagi bayonotini tanqid qildi.

Sibiga bu haqda 9 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Gap YUNISEFning 4 avgust kuni e’lon qilingan, “Rossiya Federasiyasi va Ukrainadagi hujumlarda halok bo‘lgan va jarohatlangan bolalar” haqidagi bayonoti ustida bormoqda.

Ukraina rasmiysining fikricha, YUNISEF o‘z bayonotida “tajovuzkor va jabrlanuvchi o‘rtasida soxta tenglik” yaratgan. Sibiga bolalarning halok bo‘lishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi oqibati ekani bayonotda ko‘rsatilmaganini tanqid qildi.

YUNISEF o‘z bayonotida Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Gelenjik kurort shahri tarkibiga kiruvchi Arxipo-Osipovka qishlog‘ida plyajda uch nafar bola halok bo‘lganini ham tilga olgan.

Sibiga esa, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu qurbonlarga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan dronning urib tushirilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Agentstvo. Novosti” Telegram-kanali ikki nafar harbiy ekspertga tayanib, uchuvchisiz qurilmaning harakat trayektoriyasi uning plyajda dam olayotgan odamlar ustiga Rossiya havo mudofaasi harakatlari oqibatida tushgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishini yozgan.

OSINT-tahlilchi Kirill Mixaylovning taxminiga ko‘ra, hodisa mobil o‘t ochish guruhi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ushbu versiyalar mustaqil ravishda tasdiqlangani haqida ma’lumot keltirilmagan.

Ukraina TIV rahbari vazifasini bajaruvchi ushbu hodisalarni Rossiyaning “harbiy jinoyatlari” deb atab, YUNISEFni ularni ochiq qoralashga chaqirdi.

Shuningdek, u Rossiyani ukrainalik bolalar o‘limiga olib kelayotgan hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan.

Kiritildi: 15:33 10.08.2026. O'qildi: 865 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!