Yaponiya fuqarolari soni 42 yil ichida birinchi marta 120 million kishidan kamaydi. Ichki ishlar va kommunikasiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 yanvar holatiga mamlakatda 119,74 million nafar yapon yashagan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan 0,76 foizga kam.
Yaponiya aholisi 2009 yilda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan so‘ng 17-yil ketma-ket qisqarmoqda. Shu bilan birga, xorijliklar soni 2013 yildan buyon, ya’ni bunday statistika yuritila boshlanganidan beri, eng yuqori darajaga yetdi. Xorijliklarni ham hisobga olganda, mamlakat aholisi 123,8 million kishini tashkil etadi.
Yaponiya aholisining o‘rtacha yoshi 49,9 yoshga yetdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich dunyoda Monakodan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Iyun oyida mamlakat hukumati tug‘ilish koeffisiyenti yana pasayib, rekord darajadagi eng past ko‘rsatkich — bir ayolga 1,14 nafar farzandga tushganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich o‘ninchi yil ketma-ket pasaymoqda. O‘tgan yili Yaponiyada 670 mingdan sal ko‘proq bola tug‘ilgan — bu 1899 yilda statistika yuritila boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Demografik inqiroz fonida hukumat oilalar qurilishini rag‘batlantirishga harakat qilmoqda. Iyul oyida Tokio hukumati sun’iy intellektdan foydalanuvchi tanishuv servisini ishga tushirgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu servis orqali 265 juftlik nikohdan o‘tgan. Iyun oyi oxiri holatiga ko‘ra, ilovada 16 ming nafar ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi bo‘lgan, yana 760 juftlik jiddiy munosabatlarda edi.