"Yabloko" partiyasi Saratov viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari o‘ziga o‘ldirish bilan tahdid qilinayotgani va nomzodini saylovdan olish talab etilayotganini aytdi.
"Yabloko" partiyasining Saratov viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari va Balashov okrugi bo‘yicha Davlat dumasiga nomzod Kirill Rumyansev o‘zi va oilasiga "siyosiy pozisiyasi hamda partiyaga mansubligi" sababli tahdidlar bo‘layotganini ma’lum qildi.
"Birinchi qo‘ng‘iroq 6 avgust payshanba kuni bo‘ldi. Noma’lum shaxs mendan Davlat dumasiga saylovlardan nomzodimni olishni qat’iy so‘radi. Shundan so‘ng shaxsan menga va oilamga qaratilgan bir qator tahdidlar yangradi. Shuningdek, u menga umuman aloqam bo‘lmagan taqiqlangan moddalarni tashlab qo‘yishlari mumkinligini aytdi", — dedi Rumyansev.
Keyinchalik Telegram'da Igor ismli shaxs unga yoza boshlagan. U Rumyansevni uyi atrofida kuzatganini ta’kidlagan. E’lon qilingan skrinshotda Igor Rumyansevga "boshini yorish", o‘ldirish va "onangga salom aytib qo‘yish" bilan tahdid qilganini ko‘rish mumkin.
Rumyansev polisiyaga ariza berdi.
Iyul oxirida Rossiya Markaziy saylov komissiyasi "Yabloko" partiyasi ro‘yxatini kuzgi Davlat dumasi saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Ushbu saylovlarga "Yabloko" "Tinchlik va ozodlik uchun! Qo‘rquvsiz hayot uchun!" shiori bilan bormoqda va byulletenda urushga qarshi pozisiyadagi yagona partiya bo‘ladi. Barcha tizimli siyosiy kuchlar vakillari "Yabloko"ni urushga bo‘lgan munosabati uchun tanqid qilishga va sud orqali partiyani saylovdan olishni talab qilishga ulgurishdi.