Moskva yakuniy tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilsa, Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalari.
Rossiya va Amerika vakillarining o‘tgan oy Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish tamoyillari muhokama qilingan edi. Rossiya tinchlikparvarlik missiyasi parametrlarini, jumladan ishtirokchi davlatlar tarkibini aniq belgilashni talab qilmoqda, deb yozadi Bloomberg. Kreml NATO qo‘shinlarining ishtirokini rad etadi, biroq Xitoy kabi neytral davlatlardan tinchlikparvar kuchlarni kiritishga ruxsat beradi.
Kelasi hafta Saudiya Arabistonida AQSh va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. AQSh maxsus elchisi Stiv Vitkoffning aytishicha, uchrashuvdan maqsad “kelajakdagi kelishuv asoslarini kelishib olish”.
Donald Tramp inaugurasiyadan buyon Rossiya-Ukraina urushini tezda tugatishga intildi, bu esa AQShning mojaro tomonlari bilan munosabatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga olib keldi. Vashington Ukrainaning NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi, Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatdi, Ukraina Qurolli kuchlari bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini va ularning sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga kirishini chekladi.
So‘nggi kunlarda Rossiya Ukrainaning gaz va energetika infratuzilmasiga, shuningdek, tinch aholi manzillariga hujumlarini kuchaytirdi. Bu Trampni g‘azablantirdi, dedi Axios Oq uydagi manba.