Buyuk Britaniya hukumati "Chelsi" futbol klubini sotishdan tushgan mablag‘ni haligacha Ukrainaga o‘tkaza olmadi. Bunga rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich tomonidan Djersi rasmiylariga nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo sabab bo‘ldi, deb yozadi The Telegraph.
Abramovich 2022 yil mart oyida Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan va uning aktivlari muzlatilgan. O‘sha yilning may oyida Angliya Premyer-ligasi unga tegishli bo‘lgan "Chelsi"ni sotishni ma’qulladi. Biznesmen Todd Boeli konsorsiumi klub uchun 4,25 milliard funt sterling taklif qildi: klubning o‘zi uchun 2,5 milliard funt va rivojlanish sarmoyasi uchun qo‘shimcha 1,75 milliard funt sterling. Britaniya hukumati "Chelsi"ni sotish uchun maxsus lisenziya berdi. Uning shartlariga ko‘ra, janob Abramovichning o‘zi pulni ololmagan.
2022 yilning noyabr oyida Djersi rasmiylari Abramovichning boyligi kelib chiqishi bo‘yicha tergov boshladi. The Telegraph nashrining xabar berishicha, tadbirkor sud orqali ishni tugatishga uringan. Uning ta’kidlashicha, 2016 yilda Djersi hukumati uning mablag‘larini olishdan mamnun bo‘lgan va ularni "toza" deb hisoblagan.
The Daily manbalarining ta’kidlashicha, Roman Abramovichning huquqiy kurashi uning muzlatilgan mablag‘larini Ukrainaga yordam berish uchun ishlatish haqidagi muhokamalarda bir necha bor tilga olingan. Gazetaning yozishicha, Abramovichning advokatlari mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin, avvalo, huquqiy kelishmovchilikni hal qilish kerakligini ta’kidlamoqda.
Noyabr oyi boshida The Times nashri xabar qilishicha, agar mablag‘dan foydalanishga qaror qilinsa, bu mablag‘ning yarmidan kamrog‘i Ukrainaga yetib boradi.