AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Ukraina bo‘yicha muzokaralarda olg‘a siljishga erishilgani va navbatdagi muzokaralar bosqichini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
CNN telekanali xabar berishicha, Uitkoff bu haqda Moskvadagi muzokaralardan so‘ng bayonot bergan.
«Menimcha, muayyan olg‘a siljishga erishildi. O‘ylashimcha, bugun kunning birinchi yarmidayoq sezila boshlagan edi. Abu-Dabida ko‘pchilik uch tomonlama muzokaralar qayta tiklanishini kutmagandi. Ammo biz buni amalga oshirdik. Bundan tashqari, yangi uchrashuv o‘tkazishga ham kelishib oldik. AQSh prezidenti Donald Tramp aynan shuni xohlamoqda», — dedi Uitkoff bo‘lajak uchrashuv tafsilotlarini oshkor qilmagan holda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralarning keyingi bosqichida Yevropa vakillari ham ishtirok etadi.
Uitkoff va Jared Kushner, shuningdek, hozirda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal etish yo‘nalishida olg‘a siljish uchun yangi imkoniyat paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi.