Bugun 12 iyun, 2026 yil, juma

КИР

Turkiyaning vaqt sekinlashadigan qishloqlari haqida bilasizmi?

Turkiyaning vaqt sekinlashadigan qishloqlari haqida bilasizmi?

So‘nggi yillarda sekin sayohat (clow travel) zamonaviy turizmning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sayyohlar tobora sokin, mazmunli va maqsadli sayohatni afzal ko‘rmoqda. Yevropa Sayohat komissiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan hisobotiga ko‘ra, sekin sayohatga qiziqish 2025 yildagi 22 foizdan 2026 yilda 26 foizga ko‘tarilgan va bu ushbu yo‘nalishning ommalashib borayotganini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan, Turkiyaning qishloqlari sekin sayohat uchun ideal manzillar sifatida alohida e’tiborni tortadi. Mazkur qishloqlarning ayrimlari BMT Turizm tashkiloti tomonidan “Eng yaxshi turizm qishloqlari” deb topilgan va bu ularning barqaror, mahalliy hamjamiyat manfaatlariga tayangan turizm tamoyillariga sodiqligini bildiradi.

Barbaros – qo‘g‘irchoqlar qishlog‘i

Barbaros qishlog‘i Izmirning Urla tumanida joylashgan bo‘lib, 700 yillik tarixi va haqiqiy Egey ruhi bilan sayyohlarni o‘ziga chorlaydi. Tosh uylar, tor ko‘chalar va mahalliy hunarmandchilik an’analari qishloqqa o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi. BMT Turizm tashkiloti tomonidan 2025 yilda “Eng yaxshi turizm qishloqlari” ro‘yxatiga kiritilgan.

Barbarosning eng qiziqarli an’analaridan biri “Çat kapı” (“Eshik qoqish”) odatidir. Eshikdagi maxsus belgi mehmonlarni xonadonlarga taklif etib, u yerda mahalliy zaytun moyi, bog‘da yetishtirilgan sabzavotlar va yangi terilgan ko‘katlardan tayyorlangan an’anaviy Egey taomlaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi. Mahalliy taomlar orasida qo‘lda tayyorlangan tvorog, petrushka va piyoz bilan to‘ldirilgan iliq va mazali katmer alohida o‘rin tutadi.

Sentyabr oyida o‘tkaziladigan Oyuk (qo‘g‘irchoq) festivali davomida ko‘chalar turli qo‘riqchi qo‘g‘irchoqlar bilan bezatiladi. Qishloq yaqinida joylashgan Urla uzumzor yo‘nalishi va mashhur gastronomik maskanlar esa Barbarosni xotirjam hordiq hamda mazali taomlarni qadrlovchilar uchun ideal manzilga aylantiradi.

Uchag‘iz va Ormana: dengiz bo‘yidan tog‘lar sari

Uchag‘iz qishlog‘i o‘zining sokin muhiti, tarixiy merosi va tabiiy go‘zalligi bilan ajralib turadi. Tosh devorlar bilan o‘ralgan tor ko‘chalar oilaviy restoranlar, san’at ustaxonalari va o‘rta asr qal’asiga yetaklaydi. Musaffo dengiz esa qayiq sayohatlari, sho‘ng‘ish kabi faol dam olish turlariga keng imkon yaratadi.

Qishloq, shuningdek, mashhur Likya yo‘lining muhim nuqtalaridan biri bo‘lib, qadimiy Mira shahri hamda Avliyo Nikolay cherkovi bilan birgalikda hududga tarixiy va ma’naviy boylik bag‘ishlaydi.

Ormana qishlog‘i noyob “tugmali uylar”i bilan mashhur bo‘lib, ular butunlay mahalliy tosh va sadr yog‘ochidan, hech qanday qorishmasiz, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’anaviy usullar asosida barpo etilgan. Bugungi kunda ularning bir qismi butik mehmonxonalarga aylantirilgan bo‘lib, sayyohlarga jonli madaniy meros muhitida yashash imkonini beradi.

Shuningdek, qishloq tabiiy mahsulotlari va gastronomik an’analari bilan ham ajralib turadi. Bu yerda qo‘ziqorinlar, mahalliy o‘tlar, uzum va uzum qiyomi hamda erkin yaylovlarda boqiladigan echki sutidan tayyorlanadigan tabiiy pishlog‘i asosida shakllangan “ferma – dasturxon” tajribasi sayyohlarda unutilmas taassurot qoldiradi. Qishloqqa xos bo‘lgan G‘ilamik ipak to‘qimachiligi esa noyob hunarmandchilik an’anasi sifatida qadrlanadi.

Shuningdek, qishloq yaqinida Turkiyadagi eng yirik yerosti ko‘liga ega Altinbeshik g‘ori, yovvoyi otlar erkin kezadigan Eynif tekisligi hamda qadimiy Ipak yo‘li yo‘nalishlarini eslatib turuvchi Tol Xan xarobalari joylashgan. Ormana qishlog‘i GoTürkiyening barqaror turizm yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.

Anitli: o‘rta asrlarga sayohat

Anitli ilgari suryoniy tilida “Hah” nomi bilan tanilgan bo‘lib, Mardin viloyati, Midyat tumanidagi Tur Abdin hududida joylashgan. Qishloq YUNESKOning Jahon merosi taxminiy ro‘yxatiga kiritilgan “Midyat va uning atrofidagi so‘nggi antik va o‘rta asr cherkovlari hamda monastirlari (Tur Abdin)” majmuasining bir qismi hisoblanadi. Milodiy 397 yilda qurilgan Mor Gabriyel monastiri esa dunyodagi eng qadimiy suryoniy pravoslav monastirlaridan biri sifatida katta tarixiy ahamiyatga ega.

Hudud gastronomiyasi ham o‘ziga xos jozibaga ega. Asrlar davomida an’anaviy usullarda tayyorlanadigan no‘xatli non, suryoniy bo‘rek, mahalliy tuzlamalar va bodomli shirinliklar bu boy oshxona merosining ajralmas qismidir. Mardin oshxonasi esa mahalliy ziravorlardan foydalanish, go‘sht va meva uyg‘unligi hamda pazandalik an’analari bilan tobora keng tanilmoqda.

SineMardin xalqaro kinofestivali, Midyat xalqaro madaniyat va san’at festivali, Harire uzum festivali hamda Mardin Biyennalesi kabi tadbirlar hududning madaniy hayotini yanada boyitadi.

Kiritildi: Bugun 18:07. O'qildi: 248 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!