Moskva metrosida janjalli kontent tayyorlab kelgan o‘zbekistonlik bloger Jasjan qo‘lga olindi. So‘roq jarayonida u qilgan ishi uchun kechirim so‘radi.
Jasjan taxallusi bilan tanilgan o‘zbekistonlik bloger Rossiyada qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bloger Moskvaga maxsus ravishda kontent tayyorlash maqsadida borgan. U metro yo‘lovchilarini turli provokasion harakatlar orqali janjalga undab, ularning reaksiyalarini videoga olgan va keyinchalik ushbu lavhalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib kelgan.
Rossiya IIV tomonidan e’lon qilingan videoda bloger so‘roq jarayonida o‘z xatosini tan olib, shunday deydi:
«Bu yerda bunday qilish mumkin emasligini bilmagandim. Iltimos, meni kechiring».
Hozircha blogerga nisbatan qanday chora ko‘rilgani haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.