Turkiya o‘zining boy madaniy merosini asrab-avaylash hamda noqonuniy ravishda xorijga olib chiqib ketilgan osori atiqalarni qaytarish borasida salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Yaqinda AQShdan Turkiyaga 100 ta tarixiy ashyo qaytarilgani buning yana bir yorqin dalilidir. Istanbul arxeologiya muzeylarida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ushbu madaniy meros namunalarini jamoatchilikka taqdim etdi hamda “Chiqish yo‘li yo‘q: Bubon” (“No Way Out: Boubon”) ko‘rgazmasini rasman ochib berdi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi boshchiligida olib borilayotgan xalqaro huquqiy va ilmiy-diplomatik sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi vaqtlarda Anadoluning ko‘p asrlik tarixidan guvohlik beruvchi ko‘plab bebaho artefaktlar o‘z yurtiga qaytarildi. Xususan, 2026 yil may oyida AQShdagi auksion uylaridan biri Anadoluga oid asarlarni qo‘yganida, vazirlik zudlik bilan tegishli choralarni ko‘rdi. Manxetten okrugi prokuraturasi hamda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining tergov xizmati (HSI)ga ilmiy ma’lumotlar va tegishli hujjatlar taqdim etilishi natijasida auksion savdosi to‘xtatilib, ushbu ashyolarning Turkiyaga qaytarilishi ta’minlandi.
Tadbirda Manxetten okrugi prokurori o‘rinbosari, noqonuniy savdoga qarshi kurashish bo‘limi rahbari Metyu Bogdanos ham ishtirok etdi. So‘zga chiqqan vazir Mehmet Nuri Ersoy madaniy meros namunalarini qaytarish jarayonida Manxetten okrugi prokuraturasi, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining tergov xizmati (HSI), Turkiya Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi muhim yordam ko‘rsatganini ta’kidladi. Shuningdek, u tarixiy yodgorliklarni Turkiyaga xavfsiz yetkazib bergani uchun Turkish Airlines aviakompaniyasiga minnatdorlik bildirdi.
“Bizning maqsadimiz tarixiy ashyolarni shunchaki bir ko‘rgazma vitrinasidan boshqasiga ko‘chirish emas, balki ularni o‘z tarixi va mansub bo‘lgan madaniy muhiti doirasida qayta baholashdan iborat”, - dedi vazir. U Turkiya madaniy boyliklarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni bundan buyon ham qat’iyat bilan davom ettirishini ta’kidladi.
Anadoluga oid 100 ta durdona asar
Turkiyaga qaytarilgan madaniy meros namunalari orasida mamlakatning Markaziy Qora dengiz mintaqasidagi Tokat viloyatining Erba tumanidagi Horoztepe hududiga oid 40 ta tarixiy ashyo alohida o‘rin tutadi. Miloddan avvalgi 2300-2000 yillarga oid ushbu to‘plam marosimlarda foydalanilgan musiqa asboblari, qurol-yarog‘lar va metall idishlardan iborat bo‘lib, Anadoluda ilk bronza davridayoq metallga ishlov berish san’ati yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi. Qariyb 70 yil avval talon-toroj qilingan mazkur osori atiqalarni mamlakatga qaytarishga turli fan sohalariga oid ilmiy va tarixiy dalillarni kompleks o‘rganish natijasida erishildi.
Yana bir yirik to‘plam Burdur viloyatining Duver qishlog‘iga mansub 44 ta sopol bezak plitasidan iborat. Miloddan avvalgi VI asrga, ya’ni arxaik davrga oid ushbu plitalar qadimiy inshootlarning tomlarini yopish va tashqi qismlarini qoplashda ishlatilgan. Ularning naqshlari, tuzilishi va uslubiy xususiyatlari qiyosiy jihatdan chuqur o‘rganilib, arxiv hujjatlari hamda kolleksiya qaydlari asosida kelib chiqish tarixi sinchkovlik bilan tekshirildi. Mazkur to‘plamning bir qismi 2022 yilda AQShdan, 2024 yilda Daniyadan, 2025 yilda esa Virjiniya tasviriy san’at muzeyidan qaytarilgan edi. Los-Anjelesdagi J. Pol Getti muzeyida saqlangan ashyolarning ham qaytarilishi natijasida ushbu noyob to‘plamni qayta birlashtirish jarayoni yakunlandi.
Qaytarilgan madaniy meros namunalari orasida Turkiyaning janubi-g‘arbidagi Aydin viloyatida joylashgan qadimiy Afrodisias shahriga oid portret tasviri, shuningdek, teatr niqoblari va ma’budalar haykalchalari kabi noyob san’at asarlari ham bor.
Bubon haykallari o‘nlab yillardan so‘ng bir joyda jamlandi
Ko‘rgazmada Burdur viloyatining Go‘lhisar tumanidagi Ibejik qishlog‘i yaqinida joylashgan qadimiy Bubon shahridan talon-toroj qilingan muhtasham bronza haykallar namoyish etilmoqda. Bu haykallar dastlab Rim imperatorlari va imperator oilasi a’zolariga bag‘ishlangan Sebasteion ibodatxonasida topilgan. Biroq 1960 yillarda olib borilgan noqonuniy qazishmalar chog‘ida ular qismlarga ajratilib, yashirin ravishda xorijga olib chiqib ketilgan. Sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tekshiruvlarda mutaxassislar haykallarning oyoq qismlari va tosh poydevorlari orasidagi tutashuv izlarini o‘zaro taqqosladilar. Tuproq tarkibi hamda qo‘rg‘oshin izotoplari tahlili ham ushbu qismlarning bir-biriga tegishli ekanini tasdiqladi.
Natijada, o‘nlab yillar davomida turli mamlakatlar va xalqaro kolleksiyalarga tarqalib ketgan haykallarning bosh, gavda hamda qo‘l-oyoq qismlari ko‘rgazma doirasida yana bir joyda jamlandi. Ular orasida Rim imperatorlari Lusiy Ver, Septimiy Sever, Karakalla va Mark Avreliy tasvirlangan haykallar alohida o‘rin tutadi.
Ushbu madaniy boyliklarning Turkiyaga qaytarilishi ilmiy tadqiqotlarga ham yangi turtki berdi. Shu munosabat bilan, hozirgi kunda turk arxeologlari Burdur arxeologiya muzeyi muvofiqligida Bubonda 2023 yilda qayta boshlangan arxeologik qazish ishlarini davom ettirmoqdalar.