Turkiya futbol federasiyasi (TFF) prezidenti Ibrohimhoji Osmano‘g‘li mamlakat Yevro-2032 turnirini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Uning aytishicha, Italiya mezbonlik huquqidan mahrum etilgan taqdirda, Turkiya musobaqani mustaqil ravishda tashkil qilishi mumkin.
“Bizda Yevro-2032 musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Italiyada esa moliyaviy va siyosiy muammolar bor. UYEFA Italiyani jiddiy ogohlantirdi. Agar mamlakat stadionlarni qurish va ta’mirlash ishlariga ajratilgan investisiya loyihalarini yakunlasa, musobaqani o‘tkazish talablariga javob bera oladi. Aks holda, Turkiya musobaqani yakka o‘zi o‘tkazishga tayyor. Final bahsi bo‘lib o‘tadigan Olimpiya stadioni 90 ming tomoshabinni sig‘dira oladi. Infratuzilma borasida muammomiz yo‘q. Anqaradagi stadionimiz ham qurib bitkaziladi”, deya Ibrohimhoji Osmano‘g‘lining so‘zlarini keltiradi A Spor.
Ma’lumot uchun, Italiya va Turkiya 2023 yilda 2032 yilgi Yevropa chempionatini birgalikda o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan. Biroq Italiyaning stadion infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolari sabab mamlakatning mezbonlik maqomi yuzasidan savollar paydo bo‘lgan. 2025 yil may oyida UYEFA prezidenti Aleksander Cheferin Italiyaning futbol infratuzilmasini yirik davlatlar orasida eng yomonlaridan biri deb atagan. 2026 yil aprelida esa Italiyani Yevro-2032 mezbonligidan mahrum etish ehtimoli haqida ogohlantirgan.