Turk nonushtasi, shubhasiz, kunni boshlashning eng yoqimli an’analaridan biridir. Turk nonushtasi turli xil pishloqlardan tortib zaytun, qo‘l mehnati xamirli pishiriqlar, yangi uzilgan pomidor va bodring, dudlangan go‘sht bilan turli usullarda pishirilgan tuxumlar, yangi uzilgan non, simit, mavsumiy mevali murabbolar, tabiiy asal va qaymoqlargacha bo‘lgan turli xil taomlarni o‘z ichiga oladi va albatta bularning bariga finjonlardagi xushbo‘y turk choyi hamrohlik qiladi. Ana shu boyligi tufayli turk nonushta madaniyati hozirda YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga nomzod bo‘ldi. Turk nonushtasi yetakchi tashkilotlar tomonidan dunyoning eng yaxshi 50 ta nonushtasi orasida birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan.
Kunning oltin taomi
Turk tilida nonushta “kahvaltı” deb ataladi, bu so‘z “kahve” (qahva) va “altı” (oldin/osti) so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, so‘zma-so‘z “qahvadan oldin” degan ma’noni anglatadi. An’anaga ko‘ra, bu qahva ichishdan oldin tanovul qilinadigan yengil taomni anglatadi. Biroq, turk nonushtasi to‘yimliligidan ertalabki asosiy taomga aylandi va soatlab to‘q tutadi, natijada uzoq vaqtga qadar ochlikni his qilmaydi.
Turkiyada geografik xilma-xilligi tufayli turli xil nonushta madaniyati mavjud. Sharqiy Turkiyada nonushta ko‘pincha tongning ilk nuri bilan boshlanadi, chunki sho‘rva restoranlari va jigar lavash sotuvchilari erta keladiganlar uchun eshiklarini ochib, kunning to‘yimli va mazali taomlarini taqdim qilishadi. Bundan farqli o‘laroq, Egey mintaqasi yangi sabzavotlar, mavsumiy ko‘katlar, mazali zaytun va Bergama tulum pishlog‘idan iborat yengil va yangi nonushtalari bilan mashhur. Mintaqaviy o‘zgarishlarga qaramay, ba’zi mahsulotlar turk nonushta dasturxonida doimiy ravishda mavjud.
Turk nonushtasining asosi
Pishloq va zaytun turk nonushtasining ramziy tarkibiy qismlaridan biridir. Oq pishloq turk nonushtasining markaziy qismi bo‘lsa-da, ko‘plab mahalliy navlari bilan turli mintaqalarda ajralib turadi. Bularga Ezine pishlog‘i, Koniyaning ko‘k mog‘or pishlog‘i, Karsning eski kashar pishlog‘i va Vanning o‘tli pishlog‘i kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Zaytun rang-barang nonushta dasturxonining eng ajralmas mahsulotidir. Turkiya zaytun va zaytun moyi yetishtirish bo‘yicha dunyoning beshta yetakchi davlatlaridan biri bo‘lib, eng ko‘p zaytun bog‘lari Egey dengizi mintaqasida joylashgan. Odatda zaytun moyi, mahalliy o‘t va ziravorlar bilan tuzlangan qora va yashil zaytun butun mamlakat bo‘ylab nonushta dasturxonining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.
Turk nonushta dasturxonlari mamlakatning yangi sabzavot va mevalarga boyligini aks ettiradi. Mavsumiy sabzavotlar, ayniqsa yozning suvli pomidorlari va qarsillagan bodringlar, shuningdek, yangi ko‘kat va o‘tlar, zaytun moyi va bir chimdim tuz bilan bezatiladi va turli pishloqlar hamda zaytun bilan birga tortiladi. Qovun va tarvuz ko‘pincha yoz oylarida gazaklarga tetiklantiruvchi qo‘shimcha bo‘lib, tuzli taomlarga shirin ta’m beradi.
Turk nonushtalarining yana bir o‘ziga xos tarkibi tuxum bo‘lib, quyoshli tomoni yuqoriga qaratilgan holda qovurilgan, omletlardan qaynatilgan yoki qaynatilgangacha bo‘lgan turli xil uslublarda tayyorlanadi. Eng sevimli tuxumli taomlar - bulg‘or qalampiri va pomidor bilan pishirilgan menemen; ziravorli kolbasa bilan qovurilgan tuxum va so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarni yondirgan childir taomi ya’ni sarimsoqli qatiq ustida bezatilgan tuxum.
Turli xillik shu yerda tugaydi deb o‘ylaysizmi? Hali emas! Pishiriqlar ham turk nonushtaning eng muhim qismidir. Yangi pishirilgan non har bir dasturxonning asosiy taomi bo‘lsa-da, ular odatda simit (kunjut bilan bazatilgan non), pog‘acha (pishloqdan kartoshkagacha turli xil tarkibli pishiriqlar), pishi (qovurilgan xamir) va go‘zleme (yangi ko‘kat, pishloq, qiyma yoki kartoshka bilan bezatilgan o‘rama) bilan birga tortiq qilinadi.
Turk nonushtasini shirinliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Nonushtani yakunlash uchun tabiiy asal va tabiiy qaymoq mukammal uyg‘unlikdir. Odatda mavsumiy mevalardan tayyorlangan xushbo‘y hidli turk murabbolari sinab ko‘rishga arziydigan noyob ta’mdir. Va, albatta, bularning barchasi lola shaklidagi finjonlarda damlangan qora choy bilan birga keladi. Shunchaki bu mazali taomlardan bahramand bo‘lish olam-olam zavq berishiga shak-shubha yo‘q!