AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush yaqin orada tugashi mumkinligi haqidagi avvalgi bayonotlarini takrorladi. U Vashington Tehronning yadroviy texnologiyalarga ega bo‘lishining oldini olishini ta’kidladi.
Eronning «Tasnim» axborot agentligi xabar berishicha, Tramp o‘z nutqida AQShning holati juda yaxshi ekanini aytgan. Biroq mamlakatda yoqilg‘i narxlarining oshishi va aholiga tushayotgan moliyaviy bosim yuzasidan xavotirlar kuchaygani qayd etilgan.
Agentlik talqiniga ko‘ra, iqtisodiy muammolar va jamoatchilikdagi noroziliklar Tramp hamda uning partiyasi nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Trampning Jorjiyadagi nutqi norozilik bilan bo‘lindi
Xabarda aytilishicha, Trampning Jorjiya shtatidagi saylovoldi mitingida ishtirokchilardan birining norozilik baqiriqlari uning nutqini qisqa vaqtga to‘xtatib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Eronning yadroviy dasturiga qarshi qat’iy pozisiyani ilgari surib keladi. Biroq uning urushning yaqin orada tugashi haqidagi bayonotlari va AQShning iqtisodiy ahvoliga doir fikrlari bo‘yicha turli qarashlar mavjud.