Janubiy Koreya bilan «to‘liq va mukammal» kelishuvga erishilgani aytildi. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatdan olib kiriladigan avtomobil va chiplarga 15 foiz, metall mahsulotlariga esa butun dunyoga joriy qilingan 50 foizlik umumiy boj stavkasi tatbiq etiladi. Kelishuv doirasida Koreya AQSh iqtisodiyotiga 350 mlrd dollar sarmoya kiritishi ko‘zda tutilgan. Buning 150 mlrd dollari harbiy kemalarni qurish kabi sohalarga yo‘naltiriladi.
Koreya prezidenti Li Je Myon ushbu bitimni milliy manfaatlarga mos kelishuv deb baholab, AQShdan keladigan guruch va mol go‘shti importini oshirmaslik sharti saqlanib qolganini muhim yutuq sifatida qayd etdi.
Hindistonga nisbatan esa Tramp ancha keskin choralar ko‘rishini ma’lum qildi. 1 avgustdan boshlab ushbu mamlakatdan olib kiriladigan mahsulotlarga 25 foizlik boj stavkasi joriy etiladi. Shuningdek, Hindistonning Rossiyadan qurol-yarog‘ va neft xarid qilishi uchun «alohida jazo solig‘i» qo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda, garchi bu choraga aniqlik kiritilmagan bo‘lsa-da.
Tramp Hindistonni «do‘st» deb atagan bo‘lsa-da, u mamlakat tovarlariga qo‘yiladigan boj stavkalari jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishini ma’lum qildi. U shu bilan birga, Hindistonning Rossiya bilan savdosi Ukrainadagi mojaroni tugatishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
Hindiston hukumati esa «o‘zaro manfaatli va muvozanatli» kelishuvga intilishini bildirdi. 2024 yilda AQSh va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 190 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lib, savdo kamomadi 45,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Tomonlar bu raqamni 500 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan.