Tramp yana Zelenskiydan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermaslikni so‘radi — Axios.
Nashr manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Ukraina yetakchisi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) qilinayotgan hujumlarni to‘xtatishni bir necha bor so‘ragan. Trampning fikricha, bu zarbalar jahon bozorida dizel yonilg‘isi narxining oshishiga olib kelmoqda.
Zelenskiy yakshanba oqshomida Tramp bilan telefon muloqoti o‘tkazganini ma’lum qildi. U shu hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSh prezidenti bilan uchrashishini bildirdi.
Tramp va Zelenskiyning navbatdagi uchrashuvi Oq uyning Rossiya va Ukraina o‘rtasida keskinlikni pasaytirish hamda muzokaralarni qayta tiklashga qaratilgan o‘zaro qadamlar borasida kelishuvga erishish bo‘yicha xatti-harakatlari fonida, shuningdek, so‘nggi kunlarda tomonlar o‘rtasida jangovar harakatlar kuchaygan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.
Yakshanba kuni Ukraina Moskvaga raketa va dronlar bilan zarba berdi. Rossiya poytaxti meri bu hujumni “eng yirik” hujum deb atadi. Uchuvchisiz apparatlarning bir qismi avval ham bir necha bor hujumga uchragan Moskva neftni qayta ishlash zavodiga tushgan va u yerda yana yong‘in boshlangan.
Bu Trampning Zelenskiydan Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha birinchi iltimosi emas. 13 sentyabr kuni AQSh prezidenti Irlandiyaga safari chog‘ida shunday "Janob Zelenskiy bir narsani qilishi kerak — Rossiyadagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi ob’ektlarga hujumlarni to‘xtatishi lozim. Chunki bu dunyoda dizel narxi oshishiga olib kelyapti", degan edi.