AQSh prezidenti Donald Tramp avval ajratilgan "favqulodda byudjet xarajatlari"ni qariyb 3 milliard dollarga qisqartiradi, shundan 2,5 milliard dollari xorijiy yordamga mo‘ljallangan edi. Bu haqda TASS yozmoqda.
Semafor portali Oq uydagi manbalarga tayanib, Tramp AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tomonidan qabul qilingan davlat qarzini oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan qonun loyihasi bo‘yicha favqulodda vaziyatlar fondi sifatida ajratiladigan mablag‘lar miqdorini qisqartirishi haqida xabar berdi.
Portalning qayd etishicha, Tramp qisqartirishni rejalashtirayotgan taxminan 2,5 milliard dollar chet el yordami, jumladan, migrasiya va qochqinlar bilan shug‘ullanuvchi nohukumat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, Moldova va Gruziyadagi iqtisodiy rivojlanish hamda inklyuziya bilan bog‘liq loyihalarga ajratilishi kerak edi. Biroq, choralar ittifoqchilarga, jumladan, Ukrainaga harbiy yordamga ta’sir qilmaydi.
Rasmiylardan birining aytishicha, ba’zi xorijiy yordam mablag‘lari "to‘g‘ri tekshirilmagan, yaxshi o‘ylanmagan".
"Aslida, nafaqat ularni (Bayden ma’muriyati tomonidan ajratilgan mablag‘lar) favqulodda holat deb tasniflash mumkin emas, balki ular ajratilishi mumkin bo‘lgan eng past ustuvor xarajatlar turlaridan biri hamdir", dedi u.
2023 yilgi qonunda nazarda tutilgan favqulodda moliyalashtirishning qolgan taxminan 9,4 milliard dollari tegmasdan qoladi, deya qo‘shimcha qildi Semafor.