AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va tariflarni joriy etishni nazarda tutuvchi Grem qonuni ijrosini vaqtincha to‘xtatdi. Oq uy qaroriga ko‘ra, cheklovlar AQSh milliy manfaatlariga mos kelgan taqdirdagina kuchga kiritilishi mumkin.
18 sentyabrda imzolangan qonun Rossiya nefti va gazining eng yirik xaridorlariga, shuningdek, Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan mamlakatlarga nisbatan 100 foizlik bojlar joriy etishni nazarda tutgan. Hujjatda Rossiya eksportiga 500 foizlik bojlar va banklar, yirik energetika kompaniyalari hamda «soyadagi flot»ga qarshi cheklovlar ham ko‘zda tutilgan.
Tramp farmoni bilan yangi choralar noma’lum muddatga to‘xtatildi. Ularni joriy etish masalasi prezident yoki tegishli vazirliklar rahbarlari keyinchalik qabul qiladigan qarorga bog‘liq bo‘ladi. Bu qaror avvaldan amalda bo‘lgan sanksiyalarga taalluqli emas.
Qaror Tramp Rossiya bilan dizel yoqilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha kelishuv haqida ma’lum qilganidan keyin qabul qilindi. AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizel yoqilg‘isi bilan bog‘liq ayrim operasiyalarga 2027 yil 7 aprelgacha amal qiladigan vaqtinchalik ruxsat bergan.
Rossiya rasmiylari ham ushbu yoqilg‘i eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni muddatidan oldin bekor qilishini bildirgan.