AQSh prezidenti Donald Tramp Panama kanalini qaytarishga va’da berdi.
Endryus aviabazasida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ayni damda Panamada ekanini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, Panama kanali Xitoyga berilmagan, balki uning nazorati ostida. "Ular kelishuvni buzishdi. Yoki Panama kanalini qaytarib olamiz yoki juda jiddiy narsa yuz beradi", dedi Tramp.
Oq uy rahbari, shuningdek, bu masalani lavozimga kirishganidan keyingi ilk chiqishida ham ko‘targanini esladi. "Xitoy Panama kanalini nazorat qiladi. Biz uni Xitoyga emas, Panamaga berdik, endi qaytarib olamiz" - dedi u.
Panama prezidenti Xose Raul Mulino 20 yanvar kuni Trampning so‘zlariga javob berib, X ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: "Panama kanali Panamaga tegishli va shunday bo‘lib qoladi".
Trampning kanalni Xitoy nazorat qilishi haqidagi da’volari aniq tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, Pekin Panamaga katta sarmoya kiritgani ma’lum va mamlakat hukumati avvalroq Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzgan.