Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin shaxsan Moskvaning Ukrainadagi vaqtinchalik yarashuv bo‘yicha rasmiy nuqtai nazarini ifodalaydi.
Bu haqda Rossiya davlat rahbarining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov Birinchi kanal efirida ma’lum qildi.
"Hozirgi vaqtda prezident bizning rasmiy pozisiyamizni shaxsan shakllantirishi lozim," - deya ta’kidladi Kreml vakili.
Ushakovning aytishicha, AQSh va Ukraina vakillarining Saudiya Arabistonidagi uchrashuvida kelishilgan 30 kunlik yarashuv taklifini Rossiya manfaatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarur: "Menimcha, hujjat shoshilinch tarzda tayyorlangan. Uni ustida ishlash, mulohaza qilish va bizning nuqtai nazarimizni ham hisobga olish kerak. Unda faqatgina Ukraina yondashuvi aks ettirilgan, xolos."
Kreml vakili Rossiyaning Ukraina masalasini bevosita AQSh vakillari bilan muhokama qilish uchun muzokarachilar tayinlanishini ta’kidladi va o‘z navbatida "shaxsiy kanallar orqali" aloqalarni davom ettirishini qo‘shimcha qildi. "Amerikaliklar bilan aynan Ukraina masalasini muhokama qiladigan maxsus muzokarachilar ham bo‘ladi. Hozircha shunday kelishilgan," - dedi Ushakov jurnalistlarga.
AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifi haqida so‘z yuritarkan, Ushakov uning "nafaqat Ukraina, balki Rossiya-Amerika munosabatlari va ularning kelajakdagi rivojlanishi, shu jumladan iqtisodiy jihatlarini muhokama qilish" uchun kelayotganini ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Putinning Stiven Uitkoff bilan uchrashish ehtimolini inkor etmadi.
"Uitkoff Moskvaga kelgan, deb aytishmoqda. Uchrashuv bo‘ladi", - dedi Kreml vakili va u "juda yuqori martabali rossiyalik vakillar bilan uchrashishini" aniqlashtirdi. Ushakov Rossiya davlati rahbari bilan uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini ma’qulladi. "Ehtimoldan xoli emas", - dedi u tegishli savolga javob berib.