AQSh prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolsga ishonch bildirishda davom etishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rasmiylarining Signal messenjeridagi yopiq chatidan ma’lumot tarqab ketgan bo‘lsa-da, u buni "ahamiyatsiz xatolik" deb hisoblaydi.
"Mayk Uols bu voqeadan saboq oldi, u yaxshi inson", — dedi Tramp NBC telekanali muxbiri bilan qisqa suhbat chog‘ida.
Prezidentning aytishicha, bu so‘nggi ikki oy ichidagi yagona xato bo‘lib, u jiddiy oqibatlarga olib kelmagan. Trampga ko‘ra, The Atlantic bosh muharriri Jeffri Goldbergning mazkur chatda bo‘lishi operasiya natijasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Undan tashqari, Yamanga berilgan zarbalar "mutlaqo muvaffaqiyatli" amalga oshirilgan.