AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada 51-shtatga aylanishi kerak deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, AQSh har yili Kanada bilan savdoda 200 milliard dollar zarar ko‘rmoqda.
«Mening fikrimcha, agar Kanada bizning 51-shtatimiz bo‘lsa, bu ancha yaxshi bo‘lardi. Chunki biz har yili Kanada tufayli 200 milliard dollar yo‘qotamiz. Men bunga chek qo‘yaman. Nega biz Kanadani bunday katta miqdorda moliyalashtirishimiz kerak?» — dedi Tramp Fox News intervyusida.
🇲🇽🇨🇦 U, shuningdek, Kanada va Meksikaning bojxona tariflari borasidagi siyosatidan noroziligini bildirdi:
«Yo‘q, bu yetarli emas. Nimadir o‘zgarishi kerak. Bu davom eta olmaydi va men buni o‘zgartiraman.»
Kanada va Meksika Tramp tomonidan joriy qilingan savdo tariflariga javoban AQShga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ushbu javob choralaridan ayniqsa asosiy respublikachi shtatlar zarar ko‘rmoqda, bu esa iqtisodiy barqarorlikka tahdid solib, narxlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Tramp avval ham Kanadani AQShning 51-shtati deb atagan edi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo esa bunga qat’iy qarshi chiqib:
«Kanadaning AQSh tarkibiga kirish ehtimoli mutlaqo yo‘q», — deb javob bergan.
Bunga javoban Trampning maslahatchisi Ilon Mask Tryudoni «qizcha» va «sobiq Kanada gubernatori» deb mazax qilgan.
Kanada ilgari ham AQSh bilan savdo mojarolariga duch kelgan. 2018 yilda u Kentukki viskisi ustidan boj joriy etgan, bu esa Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvining qayta ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘lgan edi.