Moskva AQSH, YEI va Xitoy bilan raqobatlashish uchun Yevroosiyo savdo bloki yaratmoqchi, biroq sanksiyalar va G‘arb ta’siri bunga to‘sqinlik qilmoqda — Financial Times.
Nashr bu haqda 2024 yil aprel oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin rahbarligida o‘tkazilgan strategik sessiyada taqdim etilgan hisobotga asoslanib xabar bermoqda. Ushbu yig‘ilishda Rossiyaning yirik davlat kompaniyalari rahbarlari, yuqori lavozimli amaldorlar hamda siyosatshunoslar qatnashgan.
FT'ning qayd etishicha, Rossiya rasmiylari yangi savdo “makroregioni”ni uzoq muddatli loyiha va Moskvaga global sahnada o‘z pozisiyasini mustahkamlashga yordam beradi deb bilishadi. Hisobotda Rossiyaning iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va ta’sirini oshirish borasidagi eng muvaffaqiyatli misol sifatida Belarus tilga olingan.
Yangi blok Rossiyani “global Janub” mamlakatlari bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi va ularni “yangi dunyo uchun qoidalarni yozadigan va o‘z sanksiya siyosatiga ega bo‘lgan umumiy dunyoqarash” orqali birlashtirish rejalashtirilgan.
Biroq loyiha yo‘lidagi to‘siqlar ham qayd etilgan. G‘arb Markaziy Osiyo davlatlarini sanksiyalarga rioya qilishga majburlash uchun “qamchi va shakar” (tazyiq va imtiyozlar) taktikasidan foydalangan. Bundan tashqari, Moskvaning ittifoqchilari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalardan foyda ko‘rib, Rossiya biznesini o‘z yurisdiksiyalaridan siqib chiqarish, import-eksport oqimlarini nazorat qilish va ishlab chiqarishni Rossiyadan ko‘chirishga harakat qilgan.