Rossiyada 5 fevraldan boshlab migrasiya qonunchiligini buzgan chet el fuqarolari kiritiladigan nazorat ostidagi shaxslar reestri ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lum qilmoqda.
Mazkur reestr Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2024 yil 30 dekabrda imzolangan farmon asosida tashkil etilgan. Hujjatga ko‘ra, u 1 yanvardan faoliyat boshlashi kerak edi, ammo amalda faqat 5 fevraldan kuchga kirdi.
Ro‘yxatga kiritilgan migrantlar yo Rossiyani tark etishlari, yoki 30 aprelgacha Rossiya IIV orqali o‘z maqomlarini qonuniylashtirishi lozim.
Nazorat qilinadigan shaxslar reestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:
ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
nikoh tuzish;
yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
bank hisob raqamlarini ochish va bank operasiyalarini bajarish;
transport vositalarini boshqarish.
Rossiya hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni ta’lim muassasalari (maktablar va bolalar bog‘chalari) ga qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.
O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni Rossiya Ichki ishlar vazirligi veb-saytida maqomni tekshirish va oqibatlarning oldini olish uchun qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqiradi.