“Biz Maduroning Moskvada Asad bilan qo‘shni bo‘lishiga umuman qarshi bo‘lmagan bo‘lardik”, dedi AQShning saylangan prezidentining maslahatchisi, yangi ma’muriyatning tashqi siyosatini muhokama qilishda ishtirok etgan Axios nashriga. Nashrning boshqa suhbatdoshlari qayd etganidek, Venesuyeladagi rejim o‘zgarishi AQShning harbiy aralashuvini anglatmaydi. Axios qayd etishicha, Tramp Maduroni hokimiyatdan qanday chetlatish niyatida ekani hozircha noma’lum.
Donald Trampning yangi ma’muriyatida AQSh Davlat kotibi lavozimiga nomzod, senator Marko Rubio avvalroq Venesuyela “o‘zini davlat darajasiga ko‘targan narkokartel” tomonidan nazorat qilinishini aytgan edi. Rubio, shuningdek, Nikolas Maduro rejimining ittifoqchilari Xitoy, Rossiya va Venesuyelada uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqaradigan Eron ekanligini ta’kidladi.
Saylov kampaniyasi vaqtida Tramp Maduroni jinoiy to‘da a’zolarini qasddan AQShga jo‘natganlikda ayblagan edi. 9-yanvar kuni Venesuyela muxolifati yetakchilaridan biri Mariya Korina Machadoning hibsga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida uning ismini tilga oldi va “ozodlik kurashchilari tirik va xavfsiz qolishi kerak” dedi.