The New York Times gazetasining yozishicha, Isroil Eron yadroviy inshootlariga hujum qilishga tayyorlanayotgan edi, biroq aprel oyida AQSh prezidenti Donald Tramp diplomatik muloqot foydasiga operasiyani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechgan.
Isroil rejalari Eronning yadroviy dasturini kamida bir yilga sekinlashtirishga qaratilgan havo hujumlarini o‘z ichiga olgan. Biroq, deyarli barcha variantlar AQShning ishtirokini talab qildi - ham Eronning javobidan himoya qilish, ham operasiyaning o‘zi muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun.
Trampning qarori oldidan uning jamoasi ichida uzoq davom etgan ichki muhokamalar bo‘lib o‘tdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Maykl Kurilla va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolz Amerika qo‘llab-quvvatlashining mumkin bo‘lgan formatlarini muhokama qildi.
Biroq, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Tulsi Gabbard yangi razvedka bahosini e’lon qilib, mintaqada qurol-yarog‘ning ko‘payishi Eron bilan yanada kengroq mojaroga olib kelishi mumkinligini aytdi. Bu pozisiyani Mudofaa vaziri Pit Xegset, vise-prezident J.D.Vens va Oq uy shtab boshlig‘i Syuzi Uayls qo‘llab-quvvatladi.
7 aprel kuni Tramp Vashingtonda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. Aynan o‘sha erda u Isroil zarbasini qo‘llab-quvvatlamaslik qarorini e’lon qildi. O‘sha kuni u Eron bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ochiq e’lon qildi.
Netanyaxu bunga javoban “Eron bilan kelishuv barcha yadroviy inshootlar yo‘q qilinsa va Amerika nazorati ostida jihozlar demontaj qilinsagina ishlaydi”, dedi.
2015 yilda Eron o‘zining yadroviy dasturini rivojlantirishni cheklovchi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (JCPOA) imzoladi. 2018-yilda Donald Tramp AQShni kelishuvdan bir tomonlama olib chiqdi. Shundan so‘ng Tehron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvga erishib bo‘lmadi.
8 aprel kuni Tramp Eron bilan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. Birinchi uchrashuv Ummonda vositachilik ostida bo‘lib o‘tdi. Amerika tomonidan prezident maslahatchisi Stiv Vitkoff, Eron tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi ishtirok etdi. Ikkala tomon ham aloqani "ijobiy va konstruktiv" deb ta’rifladi. Muzokaralarning ikkinchi raundi 19 aprel kuni Rimda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Axiosga ko‘ra, Eron yadro dasturi AQSh kelishuvdan chiqqanidan keyin va Jo Bayden ma’muriyati davrida sezilarli darajada rivojlangan. 2023-yil dekabrida MAGATE boyitilgan uran ishlab chiqarish hajmi 60 foizga oshgani haqida xabar bergan edi. Qurol maqsadlarida 90 foizgacha boyitish talab etiladi, biroq Eron yadroviy qurol ishlab chiqarishga intilmaganini aytadi.