AQSh prezidenti Donald Tramp Estoniya prezidenti Alar Karisga AQShning Ukraina bo‘yicha muzokaralar jarayonidan chiqmasligini va’da berdi. Bu haqda Karis ERR nashriga xabar qildi.
U Rim Papasi Frantsiskning dafn marosimida AQSh prezidenti va uning rafiqasi yonida o‘tirgani, marosimdan so‘ng ular suhbatlashganini aytdi.
"Men tinchlik o‘rnatish jarayoni qanday borayotgani haqida so‘radim va undan (Trampdan) AQSh [vositachilik rolidan] chiqib ketmasligi uchun jarayonni davom ettirish uchun barcha harakatlarni qilishini iltimos qildim. U shunday qilishga va’da berdi hamda yaqinda Zelenskiy (Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy) bilan uchrashgani uchun yechimga ancha yaqinlashganimizni aytdi. Albatta, men undan bu uchrashuv natijasi haqida batafsil so‘rab o‘tirmadim," - dedi Estoniya prezidenti.
Karis, shuningdek, u Trampni Estoniyaga, Tramp esa uni Vashingtonga taklif qilganini qo‘shimcha qildi.