AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha yangilangan kelishuv tafsilotlari bugun uning yuqori lavozimli maslahatchilari bilan muhokama qilinishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy qaror ertaga qabul qilinishi mumkin.
“Yoki biz yaxshi kelishuvga erishamiz, yoki men ularni barbod qilaman”, dedi Tramp Axios jurnalisti Barak Ravidga bergan intervyusida.
CBS telekanaliga bergan intervyusida Tramp Vashington va Tehron kelishuvga “sezilarli darajada yaqinlashganini” ta’kidladi. Uning aytishicha, bitim Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olishi va boyitilgan uran “to‘g‘ri maqsadlarda” ishlatilishini ta’minlashi kerak.
CBS manbalariga ko‘ra, Eronning so‘nggi taklifi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish, muzlatilgan Eron aktivlarining bir qismini ozod qilish va muzokaralarni davom ettirishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagani, u maslahatchilari va Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan maslahatlashuvlarni davom ettirayotgani aytilmoqda.
Bugun Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘ayi Tehron va Vashington o‘zaro anglashuv memorandumini yakunlashning so‘nggi bosqichida ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Amerika dengiz blokadasini bekor qilish va Eron aktivlarini ozod qilish masalalarini muhokama qilmoqda.