Andijon tumani Ichki ishlar bo‘limi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon tumanidagi voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yilning 22 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon tumani hududida bir guruh voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida yuzaga kelgan janjal aks etgan videolavha tarqaldi.
Aniqlanishicha, ushbu voqea joriy yilning 16 aprel kuni Andijon tumanida joylashgan 5-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida sodir bo‘lgan.
O‘rganishlar davomida 9-sinf o‘quvchisi R.D. va mazkur ta’lim muassasasining 7, 9 va 11-sinflarida tahsil oluvchi bir guruh o‘quvchi-qizlari o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Ushbu holat jarayoni o‘quvchilardan biri tomonidan mobil telefon orqali videotasvirga olinib, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmaganlar hamda ularning ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularga nisbatan ma’muriy tartibda choralar ko‘rildi.