Tramp AQShning rekord darajadagi mudofaa byudjetini imzoladi. Unda Ukraina uchun 800 mln dollarlik yordam ko‘zda tutilgan.
Avvalroq ushbu hujjat AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senati tomonidan ma’qullangan edi.
"AQSh Milliy mudofaasi to‘g‘risidagi qonun Urush vazirligiga mening “Kuch orqali tinchlik” siyosatimni amalga oshirish, mamlakatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish hamda mudofaa-sanoat bazasini mustahkamlash imkonini beradi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarimizning jangovar ruhini susaytiradigan isrofgarchilik va radikal dasturlarni moliyalashtirishni to‘xtatadi", — deyiladi AQSh prezidentining bayonotida.
2026 moliyaviy yilida Qo‘shma Shtatlarning harbiy xarajatlari rekord darajaga — 901 mlrd dollarga yetadi. Qonunda, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘ sotib olishga 800 mln dollar ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu mablag‘lar amerikalik kompaniyalar orqali, keyingi ikki yil davomida har yili 400 mln dollardan ajratiladi.
Bundan tashqari, Estoniya, Latviya va Litva mudofaasiga 175 mln dollar ajratiladi. Qonun, shuningdek, Pentagonning Yevropadagi amerikalik harbiylar sonini 76 ming kishidan pastga tushirish imkoniyatini cheklaydi.