AQSh prezidenti Donald Tramp Kolumbiya yetakchisi Gustavo Petroni giyohvand moddalar ishlab chiqarishda aybladi va unga nisbatan Venesuela prezidenti bilan sodir bo‘lganiga o‘xshash ssenariy takrorlanishi mumkinligini inkor etmagan. Tramp bu haqda Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida ma’lum qildi.
"Kolumbiya ham juda og‘ir ahvolda, uni kokain ishlab chiqarishni va uni AQShga sotishni yoqtiradigan kasal odam boshqaryapti, u bu ish bilan uzoq shug‘ullana olmaydi", — dedi Oq uy rahbari.
Trampdan bu gaplar Kolumbiyaga qarshi operasiya ehtimolini anglatadimi, deb so‘ralganda, u: "Yomon eshitilmaydi", deb javob bergan.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti qo‘shni Meksikani ham ogohlantirib, "Ular o‘zlarini tartibga solishi kerak, chunki bizga Meksika orqali giyohvand moddalar oqib kelmoqda va biz nimadir qilishimizga to‘g‘ri keladi", dedi.
Donald Tramp Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaumni “ajoyib inson” deb atadi va u bilan gaplashganida AQSh qo‘shinlarini Meksikaga yuborishni taklif qilganini aytdi.
"Meksika hukumati bu muammoni hal qilishga qodir, ammo, afsuski, Meksikada kartellar juda kuchli. Kartellar Meksikani boshqarmoqda", — deya qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.