Rizo Pahlaviy Eron aholisini 8 va 9 yanvar kunlari bir vaqtning o‘zida namoyishga chiqishga chaqirdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘i orqali fors tilida chiqargan video murojaatida ma’lum qildi.
Pahlaviy xalqqa qilgan murojaatida Erondagi namoyishlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirgan va “zo‘ravon rejim”ning bosimiga qaramay xalqning kurashayotganini e’tirof etgan. Shuningdek, u Eron xalqini harakatdan to‘xtamaslikka chorlagan.
"Namoyishlarni tartibli va iloji boricha keng doirada saqlash juda muhim. 8 va 9 yanvar kunlari qayerda bo‘lsangiz ham ozodlik shiorlari bilan namoyishni boshlang. Sizning javobingizga qarab keyingi chaqiruvlarni e’lon qilaman", —degan u.
Bundan tashqari, Pahlaviy Eron xavfsizlik kuchlariga ham murojaat qilib, ular tarixiy tanlov oldida turganini, yo “jinoyatchilar” bilan bir tarafda turish, yo xalq bilan bo‘lishni tanlashi kerakligini aytib o‘tgan.
"Qurollaringizni odamlarga qarshi ishlatmang, aksincha ularni himoya qiling. Shunda nafaqat milliy burchingizni bajarasiz, balki o‘zingiz va oilangiz kelajagini ham himoya qilgan bo‘lasiz", degan Pahlaviy.
The Jerusalem Post'ning yozishicha, Erondagi kurd muxolifati vakillari ham ertaga, 8 yanvar kuni aholini umumiy ish tashlash o‘tkazishga va namoyishlarni kuchaytirishga chaqirgan.