Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 5 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan filmda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev O‘zbekiston bilan chegara masalalarini hal qilish jarayonlari qanday kechgani haqida gapirdi.
Uning ta’kidlashicha, jarayon oson o‘tmagan, ba’zan muzokaralar keskin tus olgan. Qamchibek Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan tortishib, o‘zaro urushib qolgan paytlari ham bo‘lgan:
“Bir vaqt Aripov bilan kelisha olmay qoldik. Yaxshi-yomon gaplar o‘tib, urushib ketdik. Uyam ketdi, men ham ketdim. Keyin u ‘kel, gaplashaylik’ dedi, men esa ‘yo‘q, gaplashmayman’, deb turib oldim”, - dedi u.
Tashiyevning ta’kidlashicha, shu holatdan keyin ikki davlat prezidentlarining shaxsiy aralashuvisiz muzokaralar to‘xtab qolishi mumkin edi.
“Prezidentimiz o‘rtaga tushdi. Ikki davlat rahbarlari ‘qo‘yinglar, urushmanglar, talashmanglar, o‘tiringlar’ deb murosaga chaqirdi. Shundan keyin muzokaralar qaytadan tiklandi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tashiyev bu kechinmalar haqida gapirar ekan, chegara masalasini hal etishda rahbarlar qat’iyati, siyosiy iroda va o‘zaro ishonch hal qiluvchi omil bo‘lganini qayd etdi.