AQSh prezidenti Donald Tramp 4 noyabrdan boshlab Eronga qarshi yangi harbiy zarbalar berish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Vashington Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilarini ehtimoliy amaliyotga tayyor turishga chaqirgan. Bu haqda MS NOW o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh ma’muriyati 3 noyabrdagi saylovlardan keyin Eronga qisqa muddatli, ammo kuchli harbiy zarbalar berish variantini ko‘rib chiqmoqda. Hozircha bunday operasiya o‘tkazilishi haqida yakuniy qaror e’lon qilinmagan.
Bunga javoban Eron oliy rahnamosi Mujtabo Xominaiy qurolli kuchlarga har qanday tahdidga zudlik bilan va geografik cheklovlarsiz javob qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. AQSh va Isroilning mintaqadagi ob’ektlari ham ehtimoliy nishonlar ro‘yxatiga kiritilgan.
«Agar dushman yana hujum boshlasa, urushning qachon va qanday shartlarda tugashini Eron hal qiladi», — deya ogohlantirdi Xominaiy.
Harbiy keskinlikka qaramay, diplomatik sa’y-harakatlar to‘xtagani yo‘q. Qatar vositachiligida Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha muloqotlar davom etmoqda.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Qatar delegasiyasining Tehronda eronlik rasmiylar bilan 12 soatdan ortiq davom etgan muzokaralarida muayyan ijobiy siljishga erishilgan. Vositachilar shu vaqt davomida Oq uy bilan ham doimiy aloqada bo‘lgan.
Biroq tomonlar o‘rtasida hozircha yakuniy kelishuv mavjud emas. Harbiy to‘qnashuvlarning qayta boshlanish xavfi saqlanib qolmoqda.