23–25 avgust kunlari Toshkent shahri mintaqaning yengil atletika markaziga aylanadi. III Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga to‘qqiz mamlakatdan sportchilar tashrif buyurdi. O‘z maydonida o‘tadigan musobaqada O‘zbekiston sharafini 188 nafar atlet himoya qilmoqda.
Uch kun davomida poytaxt stadionlarida yengil atletikaning deyarli barcha turlari bo‘yicha sovrinlar o‘ynaladi. Musobaqa dasturidan sprint, o‘rta va uzoq masofalarga yugurish, to‘siqlar osha yugurish va stipl-chez, uzunlikka, balandlikka va uch hatlab sakrash, yadro irg‘itish, disk, bosqon va nayza uloqtirish kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan. Dasturning eng dinamik va tomoshabop turlaridan biri bo‘lgan 4×400 metrga aralash estafeta alohida e’tiborga sazovordir. 23 va 24 avgust kunlari sportchilar ertalab ham, kechqurun ham startga chiqmoqda. Final bellashuvlari 25 avgust kuni ertalab o‘z yakuniga yetadi.
Chempionatda ishtirok etish uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Tailand, Singapur, Gruziya va Saudiya Arabistoni jamoalari ariza topshirdi. Eng yirik xorijiy delegasiyani Qozog‘iston yubordi. Uning sportchilari ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistonning eng kuchli yengil atletikachilariga raqobat ko‘rsatadi.
Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi chempionatning asosiy maydoniga aylandi. 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion turnir ishtirokchilariga poytaxtning eng zamonaviy sport maydonlaridan birida medallar uchun kurashish imkoniyatini beradi. Ayrim texnik yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalar O‘zbekiston yengil atletika federasiyasi stadionida o‘tkazilmoqda.
Chempionatning asosiy tashkilotchisi Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi. Turnirga tayyorgarlik ishlarida akademiya bilan birgalikda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo sport tashkilotlari ishtirok etmoqda. Tashkiliy va hakamlar guruhlari tarkibiga o‘zbekistonlik mutaxassislar hamda xalqaro va mintaqaviy darajadagi ekspertlar kiritilgan. Ularning tajribasi musobaqani xalqaro yengil atletika turnirlari talablariga muvofiq tashkil etish imkonini beradi.
“Yosh atletlar uchun Toshkent chempionati shunchaki medallar uchun kurash emas, — deya ta’kidladi Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi direktori Shuhrat Usmonov. — Bu, ayni paytda, xalqaro raqobat tajribasini orttirish, sport formasini sinovdan o‘tkazish va kuchli raqiblar safida o‘z darajasini bilib olish imkoniyatidir. Mazkur turnir 2027 yilgi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionati hamda 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari kabi yirik xalqaro startlarga uzoq muddatli tayyorgarlik bosqichlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi”.
Toshkent mintaqaviy ochiq chempionatni o‘tkazish bo‘yicha allaqachon muvaffaqiyatli tajribaga ega. 2024 yilda O‘zbekiston terma jamoasi ushbu turnirda 69 ta medalni qo‘lga kiritgan edi: 18 ta oltin, 28 ta kumush va 23 ta bronza. Bu galgi chempionatga ham mamlakatimiz turli hududlardan kuchli sportchilarni jamladi.
Yangi chempionat bu an’anani davom ettirsa-da, uning ahamiyati medallar hisobidan ancha yuqori turadi. Zero, bu musobaqa sportchilar uchun o‘z arenasidagi xalqaro raqobat, mutaxassislar uchun kasbiy tajriba almashinuvi, Toshkent uchun esa Markaziy Osiyoning yirik sport tadbirlari taqvimidagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadamdir.