Jahon oziq-ovqat tizimi savdodagi uzilishlar, energiya narxining yuqoriligi va iqlim o‘zgarishi tufayli jiddiy bosim ostida qolmoqda. Bu haqda The New York Times soha ekspertlariga tayanib xabar berdi.
Guelf universitetining Oziq-ovqat masalalari instituti direktori Evan Freyzerning ta’kidlashicha, global oziq-ovqat tizimi barqaror ishlashi uchun zarur bo‘lgan uchta asosiy shartning birortasi hozir to‘liq ta’minlanmayapti.
"Bizdagi mavjud tizim uchta narsaga bog‘liq: uzluksiz savdo, arzon energiya va barqaror iqlim. Bugun esa, ko‘rinishicha, ushbu shartlarning birortasi ham bajarilmayapti", — dedi Freyzer.
Nashrga ko‘ra, kuchli issiq va qurg‘oqchilik AQSh kabi yirik bug‘doy yetishtiruvchi mamlakatlarda hosildorlikning pasayishiga olib kelgan. Bu esa jahon bozorida bug‘doy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshishi xavfini kuchaytirmoqda.
Bundan tashqari, don savdosining muhim yo‘laklaridan biri bo‘lgan Qora dengiz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ta’sirida qolmoqda. Qizil dengizdagi hujumlar tufayli ayrim yuk kemalari Afrikani aylanib o‘tishga majbur bo‘lyapti. El-Ninyo hodisasining kuchayishi Panama kanalida suv sathiga xavf tug‘dirsa, qurg‘oqchilik Reyn va Dunay daryolarida ham suv sathining pasayishiga sabab bo‘lgan.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti katta iqtisodchisi Monika Totova fikricha, global oziq-ovqat bozoriga ta’sir ko‘rsatayotgan bir nechta noaniqlik omillari endi bir-birini kuchaytira boshlagan.
Bu holat yetkazib berish zanjirlarida yangi uzilishlar va oziq-ovqat narxlarining oshishi xavfini yanada kuchaytirishi mumkin.