Shu yilning 25 noyabr kuni poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi raisi Abdimanap Masaliyev hamda Turkmaniston muftiysi Yalkap Xodjaguliyev, shuningdek, turkiy davlatlar ulamolari, diniy soha vakillari ham ishtirok etadi.
Anjumanda davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, diniy idoralar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuning bilan birga, ko‘p asrlik milliy va diniy an’analarimizni keng targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, diniy idoralar rahbarlari birgalikda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, ularni hayotga tatbiq etish va bugungi kunda musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘zaro fikr va mulohazalar almashadilar.
Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari yig‘ilishiga hamohang ravishda Turkiy davlatlar ulamolari birinchi forumi ham o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining ilk tarixiy yig‘ilishi 2022 yilning 15 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazildi. 2022 yilning 21 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylar kengashining Ozarbayjonning Baku-Shusha shaharlarida o‘tkazilgan tarixiy yig‘ilishida “Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlarining rahbarlari kengashini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashi turkiy dunyoning diniy idoralari o‘rtasidagi aloqalarini mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Alloh taolo mazkur yig‘ilishlarni xayrli, qardosh xalqlar va butun musulmon ummati uchun manfaatli bo‘lishini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati