“Haj – 2025” mavsumida hojilarga 14 nafar mingboshi, 303 nafar ellikboshi xizmat qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida “Haj – 2025” mavsumida hojilarga xizmat ko‘rsatadigan ellikboshilar ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida muftiy ellikboshilarni ushbu mas’uliyatli vazifaga tayinlangani bilan tabriklab, joriy yilda hojilarga xizmat ko‘rsatish uchun 14 nafar mingboshi, 303 nafar ellikboshi, shuningdek, ishchi guruhi, shifokorlar va oshpazlar jalb qilingani haqida ma’lumot berdi.
Muftiy ellikboshilar va guruh rahbarlariga haj amallarini to‘g‘ri tushuntirish, yangi fiqhiy masalalardan xabardor bo‘lish, Fatvo markazi tomonidan e’lon qilinayotgan muhim fatvolarni hojilarga yetkazish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida hojilar uchun mo‘ljallangan maxsus Call-markaz va Telegram-bot ishga tushirilgani, Madina shahrida hojilarga maxsus beyjik-bitoqa taqdim etilishi va ularni doimo taqib yurishlari lozimligi haqida axborot berildi.
“Haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘ladi, inshoalloh. Shu bois har bir ellikboshi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozim”, deydi Nuriddin Xoliqnazarov.
Yig‘ilishda Makka va Madinadagi ishchi guruhlar faoliyati, ziyoratchilarning ibodatlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, aviaqatnovlar jadvali, mehmonxonalar tayyorgarligi, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylarning holati xususida ham axborot berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov tashkiliy ishlar, tibbiy xizmat, hujjatlar, jamoaviy intizom, xavfsizlik va ogohlik masalalarida muhim tavsiyalarni berdi.
Tadbir yakunida yilgi haj mavsumining muvaffaqiyatli o‘tishi uchun duolar qilindi.