2024 yil 27 noyabrda Toshkent shahrida Qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining 40 ga yaqin vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Uchrashuv doirasida reabilitasiya va reintegrasiya dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni, shu jumladan fuqarolik jamiyati tashabbuslarini ko‘rib chiqish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institytlari, hukumatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda olib borayotgan hamkorligi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo allaqachon mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish sohasida yetakchi o‘rinni egallagan. 2019 yildan buyon mintaqaning 2100 dan ortiq fuqarosi, jumladan, ayollar va bolalar muvaffaqiyatli repatriasiya qilindi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ko‘plab gumanitar operasiyalarni amalga oshirdi va bu borada noyob tajriba to‘pladi.
Toshkentdagi uchrashuv xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 may kuni Toshkentda Qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi o‘z faoliyatini boshlangan edi.
Mintaqaviy ekspertlar Kengashi tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va to‘rtta ishchi guruhdan iborat - (a) javobgarlik, huquqiy va sud-huquq masalalari; (b) Psixologik-ijtimoiy yordam, sog‘liqni saqlash va ta’lim; (c) terroristik g‘oyalarga qarshi kurashish; (d) Konsensus asosida tavsiyalar va/yoki taklif qilingan yechimlarni taqdim etish uchun muntazam ravishda yig‘iladigan fuqarolik jamiyati, shu jumladan ayollar va yoshlar ishchi guruhlari.