Toshkent shahrining Yashnobod tumanida qabriston hududiga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq holat aniqlandi. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan qurilish tashkiloti 88 million so‘m jarimaga tortildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea Sultonali Mashhadiy mahallasidagi tadbirkorlik ob’ektiga qo‘shimcha bino barpo etish jarayonida sodir bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvda qurilish ishlari zarur ruxsatnomalarsiz va shaharsozlik talablariga rioya etilmagan holda boshlangani aniqlangan.
Er qazish vaqtida quruvchilarning ehtiyotsizligi sabab qabriston devori va bir nechta qabr shikastlangan.
Qoidabuzarliklar yuzasidan qurilish ishlari to‘xtatildi. Mas’ul tashkilotga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, ya’ni 88 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima belgilandi.