Avvalroq internetda keksa otasi bilan qo‘pol munosabatda bo‘layotgan erkak videosi tarqalgan edi. Toshkent shahar IIBBdan ma’lum qilishlaricha, videodagi holat 9 fevralda yuz bergan. 51 yoshli M.A. salomatligidagi muammolar sababli o‘zi mustaqil harakatlana olmaydigan 86 yoshli otasini turtib, uni koyigan.
Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari bilan birgalikda M.A. bilan tushuntirish ishlari olib borishgan va erkakka keksa otasiga qarashda yordam ko‘rsatilishiga va’da berishgan.
Ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudi M.A.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorlik) ko‘zda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topgan va unga 7 sutkalik ma’muriy qamoqqa olish jazosini tayinlagan.