Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘z ishini boshladi

Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘z ishini boshladi

Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘z ishini boshladi. Unda 40 dan ortiq davlat vakillari, jumladan, ta’lim va fan vazirlari, 500 ga yaqin mahalliy va xorijiy oliygoh rahbarlari hamda mingdan ziyod ekspert ishtirok etmoqda.

Forumning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdim.

Davlatimiz rahbari qutlovida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik mustahkamlanayotgani ta’kidlandi. Qariyb 85 million aholiga ega mintaqamizning eng katta boyligi esa bilimga intilayotgan yosh avloddir.

“Ana shu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuchga aylantirishda eng samarali yo‘l – sifatli, zamonaviy ta’lim va tarbiyadir”, – deyiladi murojaatda.

Prezidentimiz O‘zbekistonda ta’lim islohotlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini qayd etgan. Yaqinda maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy va oliy ta’lim hamda ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirildi. Bundan maqsad – bolaning dastlabki bilim olishidan yetuk mutaxassis va olim bo‘lib shakllanishigacha bo‘lgan bosqichlar uzviyligini ta’minlash.

Murojaatda ta’lim yoshlarni mustaqil fikrlash, ijod qilish va umri davomida o‘rganishga tayyorlashi zarurligi ta’kidlangan. O‘qituvchi va murabbiylarning rolini oshirish, maktab, texnikum, universitet hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ayniqsa, qizlar, chekka hududlardagi bolalar va alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish muhim vazifalar sifatida ko‘rsatildi.

Prezidentimiz sun’iy intellekt va zamonaviy muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish, universitetlar o‘rtasidagi qo‘shma dasturlar va tadqiqotlarni ko‘paytirish, talaba hamda olimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni ilm-ma’rifat, yuksak texnologiyalar va innovasiyalar birlashgan umumiy intellektual makonga aylantirishdek strategik maqsad yo‘lida forumda amaliy takliflar ilgari surilishiga ishonch bildirdi.

Kiritildi: 16:00 28.10.2026. O'qildi: 356 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!