Ekologiya vazirligi hamda Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Ekologiya vazirligi davlat inspeksiyasi va Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida Toshkent viloyati hamda shahar hududidagi pitomniklar hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash joylarida 9 turdagi 80 dan ortiq sut emizuvchi hayvonlar va parrandalar, jumladan, 4 dona Afrika sherlari ruxsatnomadan tashqari, noqonuniy saqlab kelinayotganligi aniqlandi. Ushbu hayvonlarning bir qismi belgilangan tartibda saqlash uchun Toshkent shahar hayvonot bog‘iga topshirildi. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi 736-son qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘pgina (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish ta’qiqlandi.