2026 yil 25 oktyabr kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida 6 nafar fuqaro vafot etdi, yana 2 nafar fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan xususiy uyda sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, uyning yerto‘la qismiga o‘rnatilgan isitish qozoni xavfsizlik talablariga javob bermagan, gaz tarmog‘iga esa belgilangan tartibda tegishli texnik shartlarsiz ulanilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116, 257, 205-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida gaz uskunalari va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz.
Shuningdek, gaz uskunalari va isitish moslamalari belgilangan tartibda malakali mutaxassislar tomonidan o‘rnatilishi hamda ularning texnik holati muntazam tekshirib turilishi lozim.
Xavfsizligingizga befarq bo‘lmang! O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!