Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda Toshkent shahrida musodara qilindi.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi, 1988 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida 1 kg 185 gr “gashish” moddasini shartli xaridorga 26 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 21 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, zahri qotilni u bilan birga Surxondaryodan poytaxtga olib kelgan “Kobalt” avtotransport vositasi haydovchisi – denovlik, 1987 y.t., muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan sherigi ham mehmonxona yonida qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu narkosavdogarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.