Toshkent viloyati “Bekobod avto” chegara bojxona postida katta miqdorda giyohvandlik vositasini olib ketayotgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur post orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan 57 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Cobalt mashinasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, xizmat iti avtomashina salonidagi old yo‘lovchi o‘rindig‘ining orqa cho‘ntagida giyohvandlik vositasi yashirilganiga ishora bergan.
Natijada o‘rindiq g‘ilofi cho‘ntagida dastlabki vazni o‘rami bilan hisoblaganda 2 grammni tashkil qiluvchi geroin borligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali tekshirilganida, rentgen tasvirlari yonilg‘i bakida shubhali jismlar borligini ko‘rsatgan. Uning ichi ochib ko‘rilganida esa, 30 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani fosh bo‘ldi.
Mazkur o‘ramlardagi modda sof og‘irligi 30 kilo 10 grammni tashkil qiluvchi opiy giyohvandlik vositasi ekani aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida ushbu taqiqlangan vositalarning egasi — 48 yoshli fuqaro “Jartepa” chegara bojxona postidan kirib, Qashqadaryo viloyati orqali harakatlanib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.