Saudiya Arabistoni valiyahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operasiya boshlashga ko‘ndirishda muhim rol o‘ynagan. Bu haqda vaziyatdan xabardor to‘rt manbaga tayanib, The Washington Post xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp shanba kuni AQShning Yaqin Sharqdagi noodatiy ittifoqchilari — Isroil va Saudiya Arabistonining bir necha hafta davom etgan faol lobbi harakatlaridan so‘ng Eronga qarshi zarba berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Manbalarning aytishicha, Muhammad bin Salmon so‘nggi bir oy ichida Tramp bilan bir necha bor shaxsiy telefon muloqotlarini o‘tkazib, AQShning harbiy aralashuvini qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa uning omma oldida diplomatik yechim tarafdori sifatida bildirgan bayonotlariga zid bo‘lgan.
The Washington Post’ning yozishicha, Tramp qarorni AQSh razvedka hamjamiyatining baholariga qaramay qabul qilgan. Razvedka hisobotlarida keyingi o‘n yil ichida Eron kuchlarining AQSh materik hududiga bevosita tahdid solish ehtimoli past ekani qayd etilgan edi. .
Tahlilchilarga ko‘ra, bu qaror Trampning avvalgi, nisbatan tor doiradagi harbiy operasiyalaridan keskin farq qiladi va Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.